Olx img

Prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasining qarori

    O'zbekiston Respublikasi Prezidenti ning «Bojxona ma'muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida» 2022 yil 27 apreldagi PF-122-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 8 noyabrdagi 656-son qaroriga asosan O'zbekiston Respublikasi Bojxona qo'mitasi huzurida «Bojxona-servis» davlat muassasasi faoliyati tashkil etilgan.
  Mazkur qarorga muvofiq Muassasaning asosiy vazifalari:
- davlat tashkilotlari va deklarantlar uchun shartnoma asosida bojxona deklaratsiyasi va boshqa hujjatlarni tuzish, davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etish hamda tovarlarga doir bojxona rasmiylashtiruvi bo'yicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirish;
- chegara o'tkazish punktlarini nazorat-texnik vositalar bilan jihozlash, ulardan foydalanishni (servis xizmatlar ko'rsatish va ta'mirlash) taminlash, shuningdek, ushbu vositalardan foydalanganlik uchun pulli xizmatlar ko'rsatish;
- chegara o'tkazish punktlari va ularga tutash hududlarda avtoturargohlar tashkil etish hamda qonunchilikda taqiqlanmagan konsalting xizmatlarini ko'rsatish;
- davlat bojxona xizmati organlariga tegishli bo'lgan bino va omborlarda shartnoma asosida bojxona omborlari faoliyatini tashkil etish, bojxona omborlarida tovarlarni saqlash, yuklash, tushirish xizmatlarini ko'rsatish hamda boshqa yuk operatsiyalarini amalga oshirish;
- bojxona nazorati zonasida qurilish-montaj ishlarini mustaqil ravishda yoki qonunchilik hujjatlariga muvofiq ruxsat olgan holda boshqa tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirish;
- qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan olib qo'yilgan va davlat daromadiga o'tkaziladigan mol-mulkni saqlash va sotish (qonunchilik hujjatlarida boshqa davlat organlarga beriladigan mol-mulklar bundan mustasno);
- shaxsning davlat foydasiga voz kechish to'g'risidagi qarori asosida olingan tovarlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq sotilishini tashkil etish, elektron bojxona plombalarini yetkazib berish hamda qo'llash, chet el tovarlari bojxona nazorati ostida tashilayotganda, shu jumladan, yakka tartibda bojxona nazorati ostida tashilayotganda pulli xizmatlar ko'rsatish orqali bojxona hamrohligida kuzatib borishni tashkil etish etib belgilangan.